Asosiy qismga o‘tish
Agrobiznes

Yangiyoʻl – Agro Star

“Biznesni rivojlantirtish banki” hamda “Uzagrostar xolding” muassisligidagi “Yangiyoʻl – Agro Star” tomonidan 13 gektar maydonda sabzavotchilikka ixtisoslashgan zamonaviy tajriba maydoni tashkil etildi.

  • Toshkent v.
  • 2 daqiqa o‘qish

Qisqacha

Yangiyo‘lda innovatsion va energiya tejamkor issiqxona majmuasi

Yangiyo‘l tumanining “Bunyodkor” mahallasida zamonaviy agrotexnologiyalarga asoslangan innovatsion issiqxona majmuasi ishga tushirildi. Loyiha pomidor, ko‘katlar va bulg‘or qalampiri yetishtirishda ilg‘or xalqaro tajribani mahalliy sharoitga moslashtirishga qaratilgan.

Zamonaviy issiqxonalar va yangi texnologiyalar

Loyiha doirasida 4 gektar maydonda Xitoy texnologiyasi asosida avtomatlashtirilgan va energiya tejamkor issiqxonalar kompleksi barpo etildi.

Majmua har biri 4–10 sotix maydonni egallagan 25 ta issiqxonani o‘z ichiga oladi. Shuningdek, 50 sotix maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning 10 xil yangi usuli sinovdan o‘tkazilmoqda.

Bu yerda pomidor, ko‘katlar va bulg‘or qalampiri yetishtirish jarayonlarida zamonaviy boshqaruv va resurslarni tejash texnologiyalari qo‘llanilmoqda.

Geotermal energiya yordamida yil davomida ishlab chiqarish

Loyihaning muhim xususiyatlaridan biri — an’anaviy yoqilg‘i manbalari o‘rniga geotermal issiqlik nasoslaridan foydalanilishidir.

Yer qa’ridan olinadigan taxminan +14 °C haroratli suv va maxsus issiqlik saqlovchi qoplamalar yordamida issiqxonalar qishda isitiladi, yozda esa sovitiladi. Tizim uchun zarur elektr energiyasining bir qismi quyosh panellari orqali ta’minlanadi.

Mazkur texnologiya Xitoyning Shandun provinsiyasida keng qo‘llaniladi. Ushbu yondashuv yil davomida to‘rt martagacha ekin ekish hamda an’anaviy usullarga nisbatan hosildorlikni bir necha barobar oshirish imkonini beradi.

14 xil yangi pomidor navi

Loyihaning yana 9 gektar ochiq maydonida zamonaviy texnologiyalar asosida pomidor yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Italiyaning Ferrari kompaniyasi ko‘chat ekish texnikalari yordamida Germaniya, Serbiya, Isroil, Xitoy va Italiyadan keltirilgan 14 xil yangi pomidor navi ekildi.

Ular orasida yuqori hosildor:

  • Rio Grand;

  • Max Rio;

  • Galeleo;

  • Lenok;

  • Montana;

  • Rocer

kabi navlar mavjud.

To‘liq agromajmua yaratish rejalashtirilmoqda

Kelgusida hududda yetishtirilgan sabzavot mahsulotlarini zamonaviy usulda saralash, saqlash va qadoqlash imkonini beruvchi agromajmua tashkil etish rejalashtirilgan.

Majmua ekin ekish, parvarishlash va hosilni yig‘ib olish uchun zarur maxsus texnikalar bilan ham ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu orqali mahsulot yetishtirishdan tortib uni saqlash va bozorga tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona ishlab chiqarish zanjiriga birlashtirish imkoniyati yaratiladi.

Loyihani 5 ming gektargacha kengaytirish

Innovatsion issiqxona modeli kelgusida yanada kengaytirilishi rejalashtirilmoqda.

Loyiha doirasida Toshkent viloyatida kamida 5 ming gektar maydonda energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyiha zamonaviy agrotexnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yuqori hosildor navlarni birlashtirgan holda qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga xizmat qiluvchi yangi model sifatida shakllanmoqda.